Oʻzbekiston ilk bor 2022-yilda xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etadi

    AOKAda Xalq taʼlimi vazirligi, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida shu haqda maʼlum qilindi.

    Anjumanda Oʻzbekistonda maktab taʼlimi sifatining xalqaro darajada baholanishi, oʻquvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash, “STesting” loyihasi haqida batafsil maʼlumot berildi. Qayd etilishicha, Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan mazkur xalqaro tadqiqotlar, PISA, TIMSS va PIRLS baholash dasturlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “STesting” loyihasi amalga oshirildi. Loyihaga 2020-yil dekabr oyida start berilgan boʻlib, 8 oy davom etdi. Bunda 40 dan ortiq mutaxassislar faoliyat olib borib, 100 dan ortiq videolar yaratildi va “STesting” platformasi ishga tushirildi.

    “STesting” elektron platformasi bu – xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan elektron tizim va video mahsulotlarni oʻz ichiga olgan innovatsion platformadir. Platformaga 1000 tadan ortiq testlar joylashtirildi.

    Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish, testlarni yechish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan mazkur elektron platforma sentyabr-oktyabr oylarida belgilangan maktablarda tajriba sinovidan oʻtkazildi. Eng muhim jihatlaridan biri ushbu test trenajyor platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Mazkur platforma orqali oʻqituvchi va oʻquvchilar xalqaro baholash dasturlarining topshiriqlarini oʻzida mujassam etgan elektron test tizimida oʻz bilimlarini sinashi, shuningdek, ota-onalarga moʻljallangan video mahsulotlar bilan tanishishi orqali xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishlari mumkin.

    Yana bir eʼtiborli jihati, oʻqituvchi va oʻquvchilar taʼlim jarayonida fanlararo integratsiyani taʼminlashda elektron platforma materiallarini bepul yuklab olish imkoniyatiga egalar.

    Taʼkidlash joizki, “STesting” elektron platformasi – oʻquvchilarni ilm-fan yutuqlaridan boxabar boʻlishlari, atrof-muhit va inson salomatligi bilan bogʻliq muammolarni hal etuvchi qarorlarni mustaqil qabul qila olishlari, tabiiy boyliklarni asrash, egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olish, tabiat va jamiyat hodisalariga nisbatan munosabat bildira olish kabi koʻnikmalarini rivojlantirish, ularni hayotga tayyorlash va zamonaviy kasblarga boʻlgan qiziqishlarini oshirishda muhim koʻmakchi vazifasini oʻtaydi.