Oʻzbekiston ilm-fani judolikka uchradi

    Tashvishli xabar 27 Iyul 2021 1283

    Atoqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Nusrat Parpiyev 90 yoshida vafot etdi.

    N.Parpiyev 1931-yilning 14-oktyabrida Toshkent shahrida tugʻildi. 1953-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetini, 1956-yilda Moskva davlat universitetining aspiranturasini tamomladi. 1958-yilda nomzodlik, 1974-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

    Boʻlgʻusi olim oʻz mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi va qariyb 70 yillik faoliyati davomida Kimyo instituti, Oʻrta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy-tekshirish instituti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Oʻzbekiston Milliy universitetida masʼul lavozimlarda mehnat qilib, yurtimizda noorganik kimyo sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshdi.

    Akademik N.Parpiyev samarali izlanish va tadqiqotlari natijasida Oʻzbekistondagi “Kompleks birikmalar kimyosi“ ilmiy maktabining asoschisi sifatida tanildi. Olim tomonidan rangli va nodir metallar hamda organik moddalar asosida kompleks birikmalar hosil qilishning ilmiy asoslari oʻrganildi, metallar va ularning birikmalarini oʻta sof holda ajratib olish usullari, molibden, reniy, volfram va simobni aniqlash hamda sof molibden olishning termik usuli ishlab chiqildi, gidrazonlar, gidroksam kislotalari hosilalari asosida 200 dan ortiq yangi koordinatsion birikmalar sintez qilindi, ilk bor palladiy va kobalt birikmalarining shishga qarshi faol taʼsir etishi aniqlandi.

    N.Parpiyevning muallifligida kompleks birikmalar kimyosi yoʻnalishiga bagʻishlangan 750 dan ziyod ilmiy maqolalar, 7 ta monografiya, 22 ta mualliflik guvohnomasi va 3 ta patent yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislari tomonidan yuksak eʼtirof etilgan.

    Talabchan va jonkuyar ustoz rahbarligida 50 dan ortiq fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.

    Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Nusrat Parpiyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

    Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

    A.Aripov, B.Yoʻldoshev