Hisobotning Inson kamoloti indeksi inson taraqqiyoti yoʻlida 3 ta asosiy omillar — uzoq va sogʻlom hayot kechirish, bilim olish va munosib turmush darajasi boʻyicha eʼlon qilinadigan statistik maʼlumotlar toʻplami hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi joriy hisobotda dunyoning 189 mamlakati ichida indeks qiymati 0,720 (maksimal indeks qiymati 1,000) bilan 106-oʻrinni egallab, 2019-yildagi hisobot natijalariga nisbatan +2 oʻringa va +0.01 indeks qiymatlari bilan yaxshilandi. Indeks hisoboti boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining natijalari quyidagicha:

aholining tugʻilganda kutilayotgan umr koʻrish davomiyligini belgilaydigan umr koʻrish davomiyligi indeksi 71,7 yilni tashkil etadi (+0,1 yil oʻsish);

Taʼlim indeksining taʼlimning oʻrtacha davomiyligi 11,8 yil (+0,3 yil ijobiy oʻzgarish) va kutilayotgan taʼlim davomiyligi 12,1 yilni (+0,09 yil ijobiy oʻzgarish) tashkil etgan;

xarid qobiliyati pariteti boʻyicha aholi jon boshiga YAMD miqdori $7 142 ni tashkil etib oʻtgan yilga nisbatan $680ga oʻsgan.

Maʼlumot uchun, Inson kamoloti indeksining 2020-yilgi hisobotida 2019-yil yakunlari tahlil qilinadi.

Qayd etish lozimki, COVID-19 inqirozidan soʻng, Inson kamoloti indeksining keyingi 2021-yilgi hisobotida aksariyat mamlakatlar natijalari keskin pasayish kuzatilyapti. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun qabul qilingan cheklovlarga qaramay, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 0,4 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich koʻplab boshqa rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan ijobiy oʻsish kuzatilayotgan boʻlib yil yakuniga borib iqtisodiy oʻsish 1,4 foizni tashkil qilishi kutilyapti, deb xabar beradi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati.