Davlatimiz rahbari tashrifi oldidan “Total Energies” kompaniyalar guruhi prezidenti Patrik Jan Puane Oʻzbekiston haqida quyidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:
“Avvalambor, janob Prezident Mirziyoyevning yana Fransiyaga tashrif buyurayotganidan mamnunmiz. Albatta, bu tashrif ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshadi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda oʻz mavqeiga ega mamlakat. Ayniqsa, soʻnggi 5-6 yil ichida mamlakatda yirik islohotlar amalga oshirildi.
Oʻzbekistonda 2017-yili boʻlgandim. Investor sifatida juda yaxshi kutib olishgan. Shundan bilamanki, Oʻzbekiston investitsiyalarni qarshilashga ochiq mamlakat. Bu esa yurtingizda yirik loyihalar boshlanishiga xizmat qiladi, albatta.
Menimcha, xuddi biz kabi energeya yaratish borasida innovatsiyalarni olib kira oladigan kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur. Oʻylashimcha, Oʻzbekistonda zamonaviy texnologiyalar asosida quyosh batareyalari ishlab chiqarish innovatsiyalar rivojiga, shuningdek, oʻzbek hamkorlarimiz uchun koʻproq loyihalarni hayotga tatbiq etish va bozorga chiqish imkonini beradi. Bu loyihani amalga oshirish uchun barcha imkoniyat bor va energiya yaratish borasidagi hamkorligimiz yanada rivojlanadi.
Fransiyalik tadbirkorlar, birinchi navbatda, Oʻzbekistonga borishi kerak. Juda chiroyli mamlakatning odamlari, sharoiti bilan yaqindan tanishish, oʻz tajribalarini oʻzbek hamkorlarimiz bilan oʻrtoqlashishi lozim. Albatta, ular loyihani qoʻllab-quvvatlasa, hamkorlikka kirishiladi.
Xorijlik ishbilarmonlar, avvalo, sarmoya kiritayotgan mamlakatga borib, uni oʻzi uchun kashf eta olishi kerak.
Oʻzim 2018-yildagi kabi yana yurtingizga borib, yangi imkoniyatlar bilan tanishishga umid qilyapman. Oʻshanda ilk bor 20 MVtli energiya manbalariga investitsiya kiritgan edik. Hozirda mamlakatingiz imkoniyati yanada kengaygan. Umid qilamanki, biz bu miqdorni 1 GVtga chiqara olamiz".