O’zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi o’z faoliyatini boshladi

    Moliya 28 Oktabr 2020 1753

    O’zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi(O’zIQMK) o’z faoliyatini boshladi va ilk shartnomasini imzoladi.

    Ma’lumot uchun: O’zIQMK ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga ixtisoslashgan nobank moliyaviy tashkilot hisoblanib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5715 sonli farmoniga asosan Moliya Vazirligi tomonidan 25 milliard so’m birlamchi kapital bilan tashkil etilgan. Bugungi kunga kelib kompaniya faoliyatiga qiziqish bildirgan mamlakatimizning 12 ta yirik tijorat banklari tomonidan O’zIQMK ustav kapitaliga 75 milliard so’m mablag’ kiritildi.

    O’zIQMKning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

    - Aholining uy-joylarga o’sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga uzoq muddatli moliyaviy resurslar taqdim etish;

    - Ipoteka qimmatli qog‘ozlarini milliy valutada muomalaga chiqarish va bu orqali kapital bozorini rivojlantirish;

    - Xalqaro tajribaga asoslangan holda ipoteka krediti tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirisga ko’maklashish;

    Yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun birinchi bosqichda OTB dan 150 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag’larini jalb etib O’zIQMK ushbu mablag’larni tijorat banklari orqali aholiga qulay ipoteka kreditlarini taqdim etishi belgilangan.

    Moliya Vazirligi, OTB va O‘zIQMK o‘rtasidagi kelishuvlarga asosan, Kompaniya resurslari ilk bor qayta moliyalashtirish mexanizmi asosida aholini arzon uy-joy bilan ta'minlash imkonini beradi. Ushbu mablag‘lar tijorat banklarimiz uzoq muddatli resurs bazasi barqarorligini ta'minlash bilan birgalikda, ipoteka bozorini bozor mexanizmlariga asoslangan holda rivojlantirishga xizmat qiladi. Buning natijasida, mamlakatimiz aholisi birlamchi va ikkilamchi bozorlardan uy-joy sotib olish uchun arzon moliyalashtirish manbalariga ega bo’ladi. Shuningdek, ipoteka krediti oluvchilarning salmoqli qismi xotin qizlar bo‘lishiga qaratilganligi, mamlakatimizda gender tengligini ta'minlash va yanada rivojlantirishiga zamin yaratadi.

    “Xozirgi kunda hukumatimiz tomonidan iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga qaratilgan ochiq siyosat olib borilayotgan bir payta, O‘zbekiston Ipotekani Qayta moliyalashtirish Kompaniyasining tashkil etilishi iqtisodiyotda uy-joy qurilishi, ipoteka bozori va qimmatli qog‘ozlar bozori rivojini yangi bosqichga olib chiqadi. Ushbu loyihada tijorat banklariga milliy valyutada mablag‘ ajratish ko’zlangan bo’lib, bu tijorat banklari moliyaviy barqarorligini ta'minlaydi. Past foizli va uzoq muddatli resurslar xalqimiz manfaatlari uchun ko‘zlangan.” deb ta’kidlab o‘tdi Moliya Vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxojaev.

    “O’zbekiston ipoteka bozori o’z taraqqiyotining burilish bosqichida turibdi. O’zIQMK, ipoteka sohasida Prezidentimiz tomondan e’lon qilingan islohotlarni amalga oshirish omillaridan biri sifatida tashkil etilgan. Kompaniya ichki va tashqi bozorlarda uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish orqali milliy bank tizimiga barqaror va arzon resurslar bilan ta’minlash imkonini yaratadi. Kelajakda kompaniya mahalliy bozorda korporativ va keyinchalik ipoteka obligathsiyalarni chiqarishi kuzda tutilgan. Bu uz navbatida moliya bozorini rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqadi. Hozirgi COVID-19 bilan bog’liq iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida, kompaniya resurslari tijorat banklari likvidligini oshirish bilan birga iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish vositasi bo’lib xizmat qiladi”, deb aytib o‘tdi O‘zIQMK bosh direktori Murodjon Farmanov.

    Moliya vazirligi Axborot Xizmati