Oʻzbekiston iqtisodga IT kompaniyalari va investorlarni jalb etishga tayyor

    Raqamlashtirish 24 Mart 2022 2834

    IT kompaniyalar oʻz mintaqaviy ofislarini Oʻzbekistonda ochishiga va xodimlarini relokatsiya qilishlariga barcha imkoniyatlar yaratiladi.

    Bugun, 24-martda Toshkent shahridagi Congress Hallda Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini boshladi.

    Forumda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etib, Oʻzbekistonni raqamli rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar hamda xorijiy investorlar, jumladan, xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyat va istiqbollar haqida gapirdi.

    Bugun dunyo toʻrtinchi sanoat inqilobi ostonasida turibdi. Shuni hisobga olib, respublikada “Sanoat 4.0” rivojlantirish bosqichiga oʻtish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston Respublikasi kabi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar uchun raqamlashtirish oʻsishning yangi dvigatelini topish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun misli koʻrilmagan imkoniyat yaratadi. Shu maqsadda hududlar va tarmoqlarni raqamli rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.

    Oʻz nutqida AKT vaziri Sh.Shermatov Oʻzbekistonni xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun jozibador qiladigan asosiy afzalliklarni qayd etdi.

    AKT vaziring soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston inson kapitali koʻrinishidagi qimmatli boylikka ega. Ayni paytda Oʻzbekistonda 35 million aholi istiqomat qilsa, ularning 18 millioni, yaʼni umumiy aholining 60 foizdan ortigʻini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi. Dastlabki prognozlarga koʻra, 2030-yilga borib Oʻzbekiston aholisi allaqachon 40 million kishini tashkil etadi, agar bu tendensiya davom etsa, ularning 24 millionini yoshlar tashkil etadi.

    Bu aholining koʻpchiligi mehnatga layoqatli yoshda boʻlgan demografik dividend bosqichi deb ataladi. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli aholi savodli va kamida ikkita chet tilini (ingliz va rus) biladi.

    “Bugungi kunda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. 2000-yillarda Oʻzbekistonda yuzga yaqin IT-mutaxassis boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 50 mingga yetdi. 2030-yilga borib ularning sonini bir million kishiga yetkazish boʻyicha keng koʻlamli vazifa qoʻyildi”, — dedi Sherzod Shermatov.

    IT-mahsulotlar va xizmatlar eksporti izchil ortib boryapti. Shunday qilib, 2021-yil yakuniga koʻra, IT-eksport hajmi 46 million dollarga yetdi, bu 2020-yilga nisbatan (16 million dollar) ikki baravardan ham koʻpdir. Joriy yil oxirigacha bu koʻrsatkich 100 million dollarni tashkil etishi kutilyapti, 2028-yil oxirigacha esa bu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Asosiy IT eksport bozorlari: AQSH (83,3 foiz), Buyuk Britaniya (5,2 foiz), Rossiya (3,2 foiz), Koreya Respublikasi (2,1 foiz) va BAA (1,1 foiz).

    Muhim afzalliklar qatorida IT-biznes uchun imtiyozlarni ham qayd etish mumkin. U Oʻzbekistondagi IT-kompaniyalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etadi. Xususan, IT-Park rezidentlari hisoblangan IT-kompaniyalar 2028-yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod etilgan. IT-kompaniyalar eksport faoliyatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan xodimlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatiga ega.

    IT Park rezidentlari qayerda joylashgan boʻlishidan qatʼi nazar, butun mamlakat boʻylab oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi ham bekor qilingan.

    Xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun yanada katta qulayliklar yaratish maqsadida “IT-viza” berish tartibi tasdiqlandi. “IT viza” olish uchun minimal miqdordagi hujjatlar talab etiladi va bu jarayon 3 kun davom etadi. Oʻzbekistonga koʻchib oʻtmoqchi boʻlgan IT-kompaniyalar ham zarur infratuzilma bilan taʼminlanadi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqadagi qulay geografik oʻrni, bu tufayli respublika Markaziy Osiyodagi bogʻlovchi IT xabga aylanishi mumkinligini ham taʼkidlash lozim.

    Xususiy IT sektori jadal surʼatlar bilan rivojlanyapti. Bugungi kunda IT Park 500 dan ortiq rezidentlarga ega, ularning 15 foizi yirik global va mahalliy kompaniyalardir. 2025-yilga kelib yirik va oʻrta IT-kompaniyalarni faol jalb etgan holda rezidentlar sonini ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

    Axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

    “IT-taʼlim mutaxassislarni tayyorlash – bozor oʻsishi va farovonlik uchun yetarli ishchi kuchi bilan taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Shu bois Oʻzbekiston taʼlimga, ayniqsa, IT-taʼlimga katta kuch sarflayapti. Sifatli taʼlimsiz belgilangan maqsad va vazifalarga erishib boʻlmaydi”, – dedi AKT vaziri Sh.Shermatov.

    Soha rahbari oʻz nutqida BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishga ham toʻxtaldi. Shu nuqtayi nazardan, IT-Park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtgan xorijiy BPO kompaniyalari oʻzlariga taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanishlari va Oʻzbekistondan IT-mutaxassislarini raqobatbardosh shartlarda jalb etishlari mumkin boʻladi.

    Bundan tashqari, ular Oʻzbekistonda oʻz bizneslarini kengaytirish uchun ofis xonalari va jihozlar, kamida olti oylik ijara haqi, kommunal xizmatlar, internetga ulanish xarajatlari koʻrinishida investitsiyalar bilan taʼminlanishi mumkin. BPO kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan BPO maktablari ham yaratilyapti.

    Yakunda AKT vaziri Sh. Shermatov Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan barcha investorlar va xorijiy IT-kompaniyalarga amaliy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.