Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi

    Asosiy masalaga oʻtishdan oldin Prezidentimiz oʻtgan 5-yilda har tomonlama puxta oʻylab qabul qilingan dasturlar ijrosi qanday taʼminlangani haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Avvalo, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018-yilda – 1 ming 600 dollar boʻlgan).

    Xususan, Jahon banki 2024-yilda Oʻzbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez oʻsayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini eʼtirof etdi.

    Kambagʻallik darajasi soʻnggi 4-yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda.

    Eksport qariyb 2 barobar oʻsib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 milliard dollardan oshdi. Oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra koʻpayib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida taʼminlandi.

    Oldin toʻliq davlat tasarrufida boʻlgan sohalar, yaʼni, energetika, kimyo, aviatsiya, geologiya, metallurgiya, mashinasozlik, taʼlim va tibbiyotda xususiy sektorga va davlat-xususiy sheriklik munosabatlariga keng yoʻl ochilgani ularning rivojida kuchli omil boʻlmoqda.

    Ayniqsa, energetika sohasida tom maʼnoda tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi 1,5 karra oʻsib, 83 milliard kilovatt-soatga yetgani ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi.

    Soʻnggi uch yilda umumiy quvvati 2,7 million kilovatt-soat boʻlgan 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi oʻtgan yilga nisbatan 3 barobar koʻpaydi.