Oʻzbekiston ishtirokidagi dunyodagi eng katta qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi davom etmoqda

    Agrosektor 21 Yanvar 2023 994

    Joriy yilning 20-yanvarida Berlinda «Green week -2023» doirasida koʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari stendi namoyish etildi.

    Mehmonlar, jumladan, Germaniya oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi federal vaziri Jem Oʻzdemir, Yevropa Ittifoqining qishloq xoʻjaligi boʻyicha komissari Yanush Voytsexovskiy, Berlin meri Fransiska Giffay va boshqalar koʻrgazma boʻylab sayohatni aynan Oʻzbekiston stendidan boshladilar.

    Ularni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya kutib oldi.

    Oʻzbekiston tomon “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” stendi boʻylab ekskursiya davomida oziq-ovqat mahsulotlari hamda mamlakatimizning qishloq xoʻjaligida mavjud ishlab chiqarish yoʻnalishlari bilan tanishtirdi.

    Mehmonlar Oʻzbekiston stendini katta qiziqish bilan kuzatar ekanlar, kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Mehmonlar Oʻzbekistonning sarxil va quritilgan mevalaridan hamda milliy taomlaridan tatib koʻrib, yuqori baho berdilar. Taʼkidlash joizki, 240 kvadrat metr maydonga ega Oʻzbekiston stendida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorning milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda.

    Jumladan: 227 turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, qayta ishlangan sut va goʻsht mahsulotlari, yogʻ va yogʻ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari, un va un mahsulotlari, margarin mahsulotlari va boshqalar mazkur stendlarda namoyish etilmoqda.

    “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” stendi hududiga tashrif buyurgan barcha mehmonlarni Oʻzbekistondan kelgan oshpazlar tayyorlagan milliy taomlar: palov, somsa, patir non va boshqa taomlar bilan siylandi va stend jonli tarzda milliy musiqa sadolari ostida namoyish etildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi Niderlandiya, Kanada, Gruziya, Polsha, Moʻgʻuliston, Latviya va Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi vazirlari bilan qizgʻin uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Shu bilan birga, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan yuqori darajada uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Dastur rejasiga koʻra ishtirokchi davlat delegatsiyalari vazirlari bilan ham uchrashuv va muloqotlar amalga oshirish belgilangan.

    Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, vinochilik, gʻalla va yem-xashak ekinlarini yetishtirish va boshqa sohalarda oʻzaro tajriba almashish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Gollandiya, Polsha, Latviya va Kanada tadbirkorlarining Oʻzbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Oʻzbekiston sharoitida ekinlarning yangi turlarini yetishtirish boʻyicha ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar doirasida olimlarning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Barcha hamkorlar oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Polsha Bosh vaziri oʻrinbosari, qishloq xoʻjaligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Xenrik Kovalchik bilan tadbirkorlar oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish, ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, urugʻchilik, issiqxonalar, raqamlashtirish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Koʻrgazmaning birinchi kuni yakunlari boʻyicha Germaniya doʻkonlariga sublimatsiya usulida quritilgan va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish, Germaniyaning «Girlos injiniring» kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda muzlatgichli omborxona qurish, kooperativ asosida meva va sabzavotlarni qayta ishlash «Buxers» kompaniyalari bilan hamkorlikda eksport shartnomalari imzolandi.

    Mazkur koʻrgazmaning ahamiyatli tomoni shundaki, bu yerda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish, hamkor va sheriklarni topish va amaliy natijalarga erishish uchun istiqbolli imkoniyatdir. Shu bilan birga bu kabi tadbirlar ayni mamlakat eksport salohiyatida ham muhim oʻrin tutadi. Zero, qishloq xoʻjaligini yashil texnologiya asosida tashkil etish va mahsulot hosildorligini oshirish ham mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblanadi.

    «Green week -2023» oʻz ishini davom ettirmoqda.