Oʻzbekiston-Ispaniya hamkorligini chuqurlashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 30 Iyun 2022 1417

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov qarorgohi Moskva shahrida joylashgan Ispaniya Qirolligining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Markos Gomes Martinesni qabul qildi.

    Muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Soʻnggi 5 yilda ikki taraflama iqtisodiy munosabatlarning natijalarini, xususan, oʻzaro savdo hajmi ikki barobar oshganini hamda Oʻzbekistonda qoʻshma korxonalar soni qariyb ikki karra koʻpayganini qayd etib, tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish uchun foydalanilmagan salmoqli salohiyat mavjudligini eʼtirof etdilar.

    Xususan, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, energetika, infratuzilmaviy qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi oʻrtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi bu borada samarali vosita ekanligi qayd etildi. Tomonlar yaqin vaqt ichida Toshkent shahrida Komissiyaning birinchi yigʻilishi va uning doirasida biznes-forumni oʻtkazishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbus va hamkorlik yoʻnalishlarini ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlar toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.