Metall haykalcha uslubida ishlangan kaptarni ifodalovchi mukofotni Ispaniya Ipak instituti prezidenti Fernando Molina Pons O‘zbekiston elchisi Jahongir G‘aniyevga topshirdi.
Tadbir davomida “Bioparc” kompaniyasi ipak sanʼati, uni yetishtirish va qayta ishlashga bag‘ishlangan «Alquería del Rey» loyihasi uchun, Valensiya porti maʼmuriyati «Bio Galleon»ni nishonlashda qo‘llab-quvvatlagani uchun hamda Oliy Ipak sanʼati maktabi Valensiyada ipak tarixi va istiqbolini yoyishda yaqindan hamkorlik qilgani uchun «Valencia BioSeda Creativa» («Valenciya ijodiy bio-ipak») mukofotiga sazovor bo‘lishdi.
Ispaniya Ipak instituti prezidenti Fernando Molina Pons o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sharofati bilan mamlakatda sayyohlik sohasi jadal surʼatlarda rivojlanayotganini qayd etdi. Shunday qilib, 2019 yilda mamlakat ichki va tashqi turizmni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi beshta mamlakat safidan joy oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016-2021 yillarda mahalliy sayyohlar soni 24 millionni tashkil etgan bo‘lsa, xorijlik mehmonlar soni qariyb 20 millionga yetdi.
2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli 1,5 million xorijlik O‘zbekistonga tashrif buyurgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 1,7 millionni tashkil etdi.
Fernando Molina Pons O‘zbekistonda turli millat, din va madaniyat vakillari ahil-inoq yashayotganini taʼkidladi. «Mamlakat tarixiy merosi, zamonaviy meʼmorchilik va yuqori texnologiyali taraqqiyotni o‘zida mujassam etgan. O‘zbekiston nafaqat Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan ko‘hna shaharlari orqali o‘tadigan sayohat yo‘nalishlari, balki o‘tmishning turli davrlariga xos noyob tarixiy va meʼmoriy yodgorliklari, shuningdek, xorijlik mehmonlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘plab imkoniyatlari bilan ham mashhurdir.
Tadbir doirasida Valensiya viloyati turizm sohasi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar, xususan, Ispaniya Ipak instituti Prezidenti Fernando Molina Pons, «Gaceta del Turismo» nashri bosh muharriri Rafael Minyana va Oliy Ipak sanʼat instituti maktabi Prezidenti Gonsalo Xulian Ordunya bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Suhbat chog‘ida turizm va pillachilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga oid maqolalar chop etish, shuningdek, 2023 yilda milliy liboslar ko‘rgazmasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida uchrashuv va qo‘shma tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.