Oʻzbekiston Ispaniyaga tayyor charm eksportini boshlaydi

    Biznes 30 Sentabr 2022 1248

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Ispaniyaning “XGE” kompaniyasi direktori Xose Luis Marsilo bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda mamlakatimizda tayyorlangan tayyor charm mahsulotlarni Ispaniyaga eksport qilish masalasi muhokama qilindi.

    Ispaniya kompaniyasi rahbari Xose Luis Marsilo bugungi kunda Oʻzbekiston charm-poyabzal va moʻynachilik sanoati tez surʼatda rivojlanayotgani, mamlakatimizda tayyorlangan mahsulotlar YEI bozoriga kirib ulgurganini qayd etib, yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va tayyor charm mahsulotlarini Ispaniya bozoriga olib kirish boʻyicha tashabbuslarini maʼlum qildi.

    Uyushma rahbariyati tomonidan Ispaniya kompaniyasiga ikki yoʻnalishda hamkorlik taklifi bildirildi. Birinchi yoʻnalish tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan eksport-import amaliyotlarini amalga oshirish boʻlsa, ikkinchi yoʻnalish Ispaniya brendlari bilan “Autsorsing” va “Franchayzing” asosida mamlakatimizda tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishdir.

    “XGE” kompaniyasi mazkur ikki yoʻnalishda ham hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi. Hamkorlikni boshlash uchun dastlab mahalliy korxonalar bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazish boʻyicha takliflarini bildirdi.

    Tayyor charm eksporti boʻyicha Ispan kompaniyasi “Peng Sheng”, “Orient Tehnology”, “Nafis Charm”, “Hamkor Nur Savdo” korxonalari mahsulotlari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishadi. Namunalar Ispaniya standartlaridan oʻtganidan soʻng tanlab olingan korxonaning tayyor charm mahsulotlari Ispaniyaga eksport qilinadi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.