O'zbekistonlik jamoa 9 yillik ishtiroki davomida birinchi marta g'alaba qozondi va o'z loyihasini rivojlantirishni davom ettiradi. Loyiha “Bolajonim” deb nomlanib, autizm spektri buzilishi haqida ota-onalarning xabardorligini oshirishga qaratilgan.
O'zbekistonda autizm spektri buzilishini (ASB) erta tashxislash, xabardorlikning pastligi, mutaxassislarning etishmasligi va ijtimoiy stigma tufayli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu odatda kasallikni 5 yoshdan keyin, kech aniqlanishiga olib keladi, natijada davolash imkoniyatlari cheklanadi. Oqibatda autizm bilan kasallangan bolalar rivojlanishdan orqada qolib, ularning jamiyatga va mehnat faoliyatiga moslashuvi qiyinlashadi.
AQSH ma'lumotlariga ko'ra, har 36 boladan bittasi autizm xavfi ostida. erta tashxis qo'yish jamiyatga muvaffaqiyatli moslashish imkoniyatini 66,67 foizga oshiradi. O'zbekistonda, ayniqsa qishloq joylarda sog'liqni saqlash infratuzilmasining cheklanganligi va autizmni tashxislovchi mutaxassislarning etishmasligi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Ko'pchilik ota-onalar stigma tufayli yordam so'rashga botinmaydilar.
“Bolajonim” loyihasi ota-onalarga telegram orqali o'zbek tilida M-CHAT-R/F usuli yordamida skriningdan o'tishni taklif etadi. Oddiy test autizm xavfini aniqlash va keyingi qadamlarni belgilash imkonini beradi. Loyihaning asosiy qiyinchiligi - chekka hududlarni qamrab olishdir.
Loyiha 400 bola uchun xususiy klinikadagi pilot loyiha bilan boshlanadi, so'ngra 5 ta davlat klinikasiga kengaytirilib, keyinchalik milliy miqyosda joriy etiladi. 2026 yilgacha loyihaning barqarorligi uchun teletibbiyot va pullik maslahatlarni o'z ichiga olgan to'laqonli ilovani ishga tushirish rejalashtirilmoqda.