Oʻzbekiston jamoasi “Yoʻl patruli” xalqaro musobaqasida rekord natija bilan mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi

    Harbiy 2 Sentabr 2020 1788

    Qoʻqon mezbonlik qilgan ArMI – 2020 xalqaro Armiya oʻyinlarining “Yoʻl patruli” bahsida Vatanimiz sharafini himoya etgan yurt oʻgʻlonlari birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi va bu natija Oʻzbekiston jamoasi oʻzining musobaqa tarixidagi eng yuqori natijasini qayd etdi.

    Bir necha kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati xodimlari Rossiya hamda belaruslik raqiblaridan har tomonlama ustun ekanliklarini namoyish etishdi. Kapitan Mansurjon Akobirov, serjantlar Siddiq Aʼzamov, Farhod Musayev Makarov pistoleti va avtomatdan oʻq otish, ekstremal boshqarish va yoʻl harakati hodisasi paytida sodir boʻlishi mumkin oʻt oʻchirish hamda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish shartlarini bajarish jarayonida oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

    Dasturga koʻra jamoalar vakillari soʻnggi ikki shart – avtomobil shinalarini almashtirish va yoʻl harakatini boshqarish (konkursdan tashqari) borasida bahs olib bordi. Kichik serjant Muzaffar Tulyabayev va katta leytenant Jamoliddin Egamberdiyev juftligi 1 daqiqa 14 soniyada avtomobil shinasini almashtirib, oʻzlariga topshirilgan vazifani aʼlo darajada bajarishdi. Serjant Joʻrabek Qodirov, Aleksey Serebrov (Rossiya Federatsiyasi) va Aleksandr Sheglov (Belarus Respublikasi) yoʻl harakatini boshqarish shartida eng yaxshi inspektorlar sifatida oʻzlarini koʻrsatishdi.

    Qayd etilgan natijalarga yakuniga koʻra Oʻzbekiston terma jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi, Belarus Respublikasi uchinchi oʻrindan joy oldi.

    Mudofaa vazirligi

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti