Tadbirda ushbu ilmiy-tadqiqot markazi hamda Andong shahri hokimligi tomonidan 2021 yil 26 noyabr` - 5 dekabr` kunlari ushbu shaharda tashkillashtirilishi rejalashtirilgan milliy kiyimlar xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etish masalasi muhokama qilindi.

Mazkur ko'rgazmada Ipak yo'li bo'ylab joylashgan davlatlarning milliy kiyimlari va boshqa aksessuarlar taqdimoti, mamlakatlarning turistik salohiyatini namoyish etuvchi videoroliklar va fotosuratlar namoyishi rejalashtirilgan.

Ko'rgazmadan asosiy maqsadi mahalliy aholiga Ipak yo'li mamlakatlarining boy madaniy merosi va turistik salohiyatini namoyish etishdan iborat.

Tashkilotchilar ushbu ko'rgazmaning Kyongsanbukdo provintsiyasi va Andong shahrining bevosita rahnamoligi ostida yuqori darajada tashkil etilayotganini hisobga olib, O'zbekiston tarafini tadbirda hamkor sifatida ishtirok etishga taklif qildi.

Ma'lumot uchun ta'kidlash joiz, 2019 yilda Andong shahrida doimiy o'tkazilgan “Niqoblar festivali”da O'zbekistonning hamkor davlat sifatidagi ishtiroki Janubiy koreyaliklar tomonidan iliq kutib olingan. Mazkur festivalda respublikamizning boy sayyohlik salohiyati va madaniyati keng ommaga namoyish qilingan edi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.