Janubiy Koreya davlatida boʻlib oʻtgan mazkur oʻyinda hamyurtlarimiz ishonchli gʻalabaga erishdi. Jumladan, oʻyinning 24-daqiqasida Eldor Shomurodovning ajoyib reydi va chiroyli uzatmasidan soʻng Hojimat Erkinov hisobni ochishga muvaffaq boʻldi. Birinchi boʻlimning qolgan daqiqalarida darvozalar boshqa ishgʻol etilmadi va jamoalar 1:0 hisobi bilan tanaffusga chiqdi.
77-daqiqaga kelib hamyurtlarimiz hisobdagi ustunligini mustahkamladi. Bu safar Odil Hamrobekovning oʻng qatondan jarima maydonchasiga uzatmasini Oston Oʻrunov darvozaga joylab qoʻydi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston MTJ Kamerunni 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Bu bilan Srechko Katanes shogirdlarining gʻalabali seriyasi 7 ta oʻyinga yetdi.
Eslatib oʻtamiz, avval xabar berganimizdek, 27-sentyabr kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi oʻrtoqlik uchrashuvini JCH-2022ning yana bir ishtirokchisi Kosta-rika terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Mazkur oʻyin ham Janubiy Koreyada tashkil etiladi.