Oʻquvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston kelgusi yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatiga, 2029-yilda esa Yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi.

Shu bilan birga, 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhandislik yoʻnalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum oʻquvchilari oʻrtasida kasb yoʻnalishlarida xalqaro olimpiada oʻtkaziladi.

Bunday nufuzli tadbirlar Vatanimizni rivojlangan sport va ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.