Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyi 1972-yil tashkil etilgan boʻlib, joriy yil muzeyning 50 yilligi nishonlanmoqda. Kino sanʼati muzeyi 2005-yilgacha muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan.
Ushbu yilda Kinochilar uyi binosida 2 ming kv.m maydonga ega ekspozitsiya zali ochiladi. 2019-yil esa muzey Kinematografiya agentligi binosiga koʻchiriladi.
2021-yil “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini tashkil etish va oʻtkazish doirasida Kinochilar uyi binosida Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyining yangi ekspozitsiyasi va koʻrgazmalar zali tashkil etildi.
Muzey arxivida oʻzbek kinosi tarixiga oid 40 mingdan ortiq eksponatlar mavjud. Muzey taniqli kinoijodkorlarning koʻplab noyob fotosuratlari bilan bezatilgan.
Bugungi kunda muzeyda 30 mingdan ortiq eng qimmatli foto negativlar saqlanmoqda. Shuningdek, 1920-yildan 1980-yilgacha ishlab chiqarilgan eksklyuziv kinokameralar, afsonaviy filmlar va ssenariylarning asl nusxalarini ham uchratish mumkin. Muzeyning hozirgi direktori Gulnora Muxtorova 2013-yildan buyon muzeyga rahbarlik qilib kelmoqda. Yarim asrlik tarixga ega muzey nafaqat Oʻzbekiston balki, xalqaro doirada ham eʼtirof qilinib keladi.
Hozirda muzey fondini oʻzbek kinosi tarixiga oid turli eksponatlar bilan yanada boyitish, reytingi yuqori turuvchi xalqaro muzeylar safiga qoʻshish, oʻzbek kinosi haqida hikoya qiluvchi yagona maskanga aylantirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati