Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi maʼlumotiga koʻra, 12-18-dekabr kunlari Qozogʻistonning Olma-ota shahrida XVI “Yevroosiyo” (“Eurasia international film festival”) xalqaro kinofestivali boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik bir guruh kino ijodkorlar ham ishtirok etdilar.
Xususan, kinorejissyor Ali Hamroyev “Markaziy Osiyoda kino sanʼati rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” nominatsiyasi sovrinini qoʻlga kiritgan boʻlsa, kinorejissyor Qamara Kamalova “Yoʻl boʻlsin” badiiy filmi uchun hakamlar hayʼatining maxsus mukofotiga loyiq koʻrildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov “Yevrosiyoda festival harakatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” maxsus sovrini bilan taqdirlandi.
Festival doirasida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri oʻrinbosari Nurkisa Dauyeshov, Qozogʻiston Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Yesetjan Kosubayev va “Kinopark” eng yirik kinoteatrlar tarmogʻi rahbari Yerlan Buxarbayev bilan uchrashuvlar oʻtkazib, oʻzaro hamkorlikda olinadigan kino loyihalar, kino sanʼati va sanoatining boshqa yoʻnalishlarida amalga oshiriladigan ishlarni atroflicha muhokama qildi.
Mazkur tadbirdagi yana bir ahamiyatli voqea shundan iboratki, festival doirasida boʻlib oʻtgan oʻzaro uchrashuvda Butunrossiya Davlat kinematografiya institutining Toshkent filiali va Turon universiteti oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Hujjatda talabalar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik loyihalarini, oʻquv kurslarini, ilmiy konferensiya hamda oʻquv dasturlarini, mahorat darslarini tashkil etish, pedagog va talabalar almashish amaliyotini qoʻllash hamda har ikki oliy dargohning diplomlarini Oʻzbekiston va Qozogʻistonda tan olinishini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Maʼlumot oʻrnida: “Yevroosiyo” xalqaro kinofestivali Qozogʻistonda 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, u Xalqaro kinoprodyusserlar uyushmalari federatsiyasi (FIAPF) tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.