“O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida

    Hujjatlar 8 Noyabr 2022 12219

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun ishonchli kafolat bo‘lgan Bosh Qomusimizni bugungi davr talablariga mos holda, eng muhimi, fuqarolarimiz xohish-irodasi va fikri hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylantirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida:

    1. “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etilsin.

    2.Belgilansinki:

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash, Yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qadr-qimmati ulug‘lanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Asosiy Qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi;

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

    3.“O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonining nizomi va tavsifi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    4.Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) bir oy muddatda:

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin;

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar bo‘yicha takliflarni to‘plash va umumlashtirish ishlarini tashkil etsin.

    5.Vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan joylarda o‘tkaziladigan tadbirlarda tantanali vaziyatda topshirilishini tashkil etsin.

    6. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalarini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

    Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlar bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

    7. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

    8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 8 noyabr

    * * *

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
    2022 yil 8 noyabrdagi PF–243-son Farmoniga
    1-ilova

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi”
    esdalik nishoni to‘g‘risidagi
    NIZOM

    1.“O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash, Yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qadr-qimmati ulug‘lanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Asosiy Qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi.

    2. “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

    3. “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oliy Majlis Senatining Raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, Bosh vazir, vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, shu ishga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

    Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga uning guvohnomasi beriladi.

    4. “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni ko‘krakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.

    * * *

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
    2022 yil 8 noyabrdagi PF–243-son Farmoniga
    2-ilova

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi”
    esdalik nishonining TAVSIFI

    “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikda oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi. Esdalik nishonining umumiy balandligi 54 millimetrni tashkil etadi.

    Esdalik nishonining qalinligi – 2,2 millimetr, old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o‘ralgan.

    Esdalik nishonining old tomoni markazida milliy naqshlar fonida qonuniylik va adolat timsoli bo‘lgan tarozi va ochiq holatdagi kitob – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ramziy ma’noda aks ettirilgan. Kitob tasvirining ichida balandligi 8,6 millimetr bo‘lgan “30”, pastki qismida esa balandligi 2,5 millimetrli “YILLIGI” yozuvi joylashgan.

    Kitob tasviri ortida davlatimiz suvereniteti hamda chegaralarimiz daxlsizligini ifoda etuvchi milliy naqshdagi mustahkam darvoza aks ettirilgan.

    Esdalik nishoni aylanasi milliy naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, uning yuqori qismida “O‘ZBYeKISTON”, pastki qismida “KONSTITUTSIYASINING” so‘zlari yozilgan. Yozuvlar va tasvirlar zarhal rangda bo‘lib, harflarning balandligi 1,8 millimetrni tashkil etadi.

    Esdalik nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.

    Esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i ranglaridagi shoyi lenta bilan qoplangan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi qadag‘ichga ilgakchalar va halqacha yordamida ulangan. Qadag‘ichning bo‘yi – 16 millimetr, eni – 25 millimetr.

    Qadag‘ichning orqa tomoniga esdalik nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.