Guliston tumani hokimligi rasmi

Uchrashuv davomida xorijiy mehmonlar Koreya texnologiyalari asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, “SMART” issiqxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportini amalga oshirish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdilar.

Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Koreya biznes forumi doirasida har ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari oʻrtasidagi hamkorlikka qiziqishlari ortayotganini namoyon etgandilar.

2022-yil 6 oyi davomida tumanda 5,1 million dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilib, belgilangan prognoz reja 3 barobar koʻp bajarilishiga erishildi. Hozirda Xitoy, Buyuk Britaniya va Turkiya davlatlari bilan hamkorlik ishlari amalga oshirilyapti.

Janubiy Koreya Respublikasining “Hanjin Agriculture And Industry Co.LTD” kompaniyasi vakillari tomonidan bildirilgan takliflar asosida tuman hokimligi tomonidan investitsiya loyihasini amalga oshirishda maqbul keladigan dastlabki ekin yer maydoni taklif etilib, ushbu yer maydoni belgilangan tartibda “E-auksion” elektron platformasi orqali sotib olish mumkinligi bildirildi.

Muzokaralar yakunida, oʻzaro kelishuvlar asosida “Hanjin Agriculture And Industry Co.LTD” kompaniyasi bilan Guliston tumani hokimligi oʻrtasida 3 (uch) bosqichda jami qiymati 10 million dollar boʻlgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha anglashuv Memorandum imzolandi.

Ushbu investitsion loyihalarning ishga tushishi natijasida Guliston tumanining eksport salohiyati yuksalib, 100dan oshiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Guliston tumani hokimligi matbuot xizmati.