Oʻzbekiston-Koreya koʻp qirrali hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 25 Noyabr 2022 1383

    Shu yil 24-noyabrda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yong Sam Che bilan Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarini mutanosib ravishda oshirish, uni kelgusi yillarda 5 milliard dollarga yetkazish choralarini muhokama qildilar. Shu maqsadlarda ikki davlat oʻrtasida Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimni imzolash boʻyicha oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, shuningdek oʻzbek oziq-ovqat mahsulotlarini Koreya bozoriga yetkazib berish uchun ruxsatnomalarni olish masalalari kelishib olindi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda energetika, yengil sanoat, mashinasozlik, geologiya, shaharsozlik va boshqa sohalarda umumiy qiymati 14 milliard dollarlik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan Koreya kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyati alohida taʼkidlandi. Koreya tomoni dolzarb muammolarni hal etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida oʻzaro hamkorlikning yangi mexanizmi – har oyda Koreya kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekiston-Koreya tijorat masalalariga oid muloqotini oʻtkazish tashabbusini olqishladi.

    Koreya hukumatining Taraqqiyot maqsadlariga rasmiy yordam dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish, jumladan, Maktabgacha taʼlim muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi, Kimyoviy texnologiyalar markazi, shuningdek, Oʻzbekiston-Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi va Koreya-Oʻzbek toʻqimachilik texnoparki faoliyatini kengaytirish loyihalari atroflicha koʻrib chiqildi.

    Uchrashuvda Koreya Eksimbankining EDCF Jamgʻarmasi bilan taʼlim, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, elektronika sohalarida yirik loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish masalasi ham muhokama etildi. Hujjatlarni tasdiqlash jarayonini tezlashtirish va Toshkentda Tibbiyot universiteti, Farmatsevtika klasterining 2-bosqichi, shuningdek, oʻzbek-koreys elektronika va yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish klasteri qurilishining boshlanishi boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Muzokaralar yakunida hukumat delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda yangi kelishuv va tashabbuslarni ishlab chiqishda har tomonlama koʻmaklashishga sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.