Tashrifning birinchi kunida qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Xususan, Koreya-Oʻzbekiston parlament doʻstlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashda parlamentlarning hamkorlikdagi saʼy-harakatlarini kuchaytirish, uni amaliy mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida doʻstlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvini 2024-yilda Seul shahrida oʻtkazish taklif etildi. Shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlar (“yoʻl xaritalari”) va Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining barcha yoʻnalishlari ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlash maqsadida Senat Raisi boshchilik qiladigan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiya oʻrtasida aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, jumladan, kambagʻallikni qisqartirish va yangi ish oʻrinlari yaratish, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyi mintaqasi ekotizimini yaxshilash borasidagi loyihalar tomonlarning diqqat markazida boʻldi.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.