Do'stona uchrashuvda Qashqadaryoning “Barlos” kriket klubi jamoasi Hindistonning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda mamlakatimizda yashab, korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan hindistonliklardan iborat “India Club Tashkent” klubi jamoasiga qarshi bahs olib bordi.

Murosasiz va shiddatli o'tgan o'yinda “Barlos” jamoasi “India Club Tashkent” jamoasiga munosib qarshilik ko'rsatib, ikki bo'limdan iborat o'yin yakuniga ko'ra, 4 ochko farqi bilan (75:71) g'alaba qozondi.

E'tiborli jihati “India Club Tashkent” jamoasi o'tgan oyning 6 may sanasidagi o'rtoqlik uchrashuvida Toshkentning “Anfa” jamoasiga qarshi o'yinda ham 1 ochko farq bilan mag'lubiyatga uchragan edi.

– Bugun ikkita jamoa o'rtasidagi o'yinga guvoh bo'ldik. O'tgan safargi o'yinda raqib jamoa mag'lubiyatga uchragani bois, bizni qayta o'rtoqlik o'yiniga taklif etdi. Bu galgi o'yinda jamoamiz oldingi o'yindagidan ham yuqori natija bilan raqiblarimizmi mag'lubiyatga uchratdi. Bu natijadan ko'rinadiki, mamlakatimizda kriket rivojlanayotganidan, professinal darajaga ko'tarilayotganidan darak beradi, – deydi O'zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliev.