“Dunyo“ AAning xabar berishicha, safar doirasida institut boshqaruvi aʼzosi Mixail Savrasov va “Raqamli iqtisodiyot va biznes“ doktoranturasi direktori, professor Inna Stetsenko Toshkent davlat transport universiteti prorektori Bahodir Toʻrayev va Migratsiya agentligi direktori oʻrinbosari Azim Husanov bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar chogʻida transport va logistika yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent davlat transport universitetida Yevropa standartlari boʻyicha sertifikatlangan holda ogʻir yuk tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, Boltiqboʻyi va Skandinaviya mamlakatlaridagi yetakchi transport-logistika kompaniyalariga ishga joylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar Latviya Transport va kommunikatsiyalar instituti professor-oʻqituvchilarini jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan amaliy va uslubiy oʻquv dasturini ishlab chiqish jarayonini boshlashga qaror qildilar.
Professor Inna Stetsenko Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida professor-oʻqituvchilar uchun “Ekoturizm va “yashil iqtisodiyot“ mavzusida maʼruza oʻqidi. Tadbirda turizm sohasida Yevropa standartlarini joriy etish va Oʻzbekistonda “yashil“ iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha tajriba almashildi.