Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning turizm va eksport salohiyati haqidagi atroflicha maʼlumotlar ulashildi.
Koʻrgazmada yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qandolatchilik mahsulotlari, maʼdanli suvlar, tabiiy asal va quritilgan mevalar namoyish etildi.
Tadbirda 300 ga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari kompaniyalari ishtirok etdi. Koʻrgazmada 30 dan ortiq horijiy mamlakat oʻz stendi bilan qatnashdi.
Asosiy maqsad xaridor va distribyutorlarni mahsulot yetkazuvchilar bilan bogʻlanishiga koʻmaklashish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikka erishish bilan izohlanadi. Tadbir ishtirokchilarining ayrimlari mamlakatimiz ishtirokiga doir fikrlarini oʻrtoqlashdilar:
Chjao Silyan, Xitoyning “Suyfkxe Dinxun” import-eksport kompaniyasi savdo menejeri:
- Koʻrgazmada Oʻzbekiston quritilgan mevalar, shirinliklar, ichimliklar, mineral suvlar, shirinliklar kabi koʻpgina mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar oʻzining sifati va xaridorligi bilan ajralib turadi.
Xitoyliklar mamlakatingiz mahsulotlarini sevib isteʼmol qilishadi. Bu kabi koʻrgazmalarda mamlakatingiz doim ishtirok etishini istaymiz.
Ma Szenfu, “ALLFOOD EXPO” koʻrgazmasi xalqaro aloqalar departamenti boshligʻi:
- Bu yilgi koʻrgazmada ishtirok etish uchun 20 dan ortiq mamlakatlardan vakillarni taklif qildik. Ular 300 dan ortiq yangi mahsulotlarni namoyish qilmoqda.
Koʻrgazmada Oʻzbekiston pavilyoni ham tashkil etildi. Bu yer doimgidek odamlar bilan gavjum. Chunki mamlakatingiz mahsulotlari xitoylik isteʼmolchilar orasida tobora mashhur boʻlib bormoqda.
Oʻzbekistonning bunday koʻrgazmalarda ishtirok etib kelayotgani juda quvonarli. Bu yurtingiz mahsulotlarining Xitoy bozoriga eksporti xajmi ortishiga xizmat qilishi barobarida mamlakatingiz brendini tanitish uchun ham qulay imkoniyatdir.