Oʻzbekiston mahsulotlari Xitoyning Xaynan provinsiyasida namoyish etilyapti

    Xitoyning Xaynan provinsiyasi Xaykou shahrida boʻlib oʻtayotgan “Toʻrtinchi Xitoy xalqaro isteʼmol tovarlari koʻrgazmasi”da Oʻzbekiston milliy mahsulotlari namoyish etilyapti.

    Koʻrgazma pavilyonida mamlakatimizning eksport va turizm salohiyatini oʻzida aks ettirgan hunarmandchilik, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, ipak mahsulotlari va sopol buyumlari hamda xalq amaliy sanʼatining rang-barang namunalari namoyish etilyapti.

    “Oʻzbekiston kulolchilik va naqqoshlik maktabi oʻziga xos va qadim tarixga ega. Ushbu koʻrgazmada koʻrgan Rishton sopol idishlari menga juda yoqdi. Xaynan bozorida ushbu idishlarni sotish va sotib olishga qiziqish bor”, – dedi ishtirokchilaridan biri Yang Lin.

    Shuningdek, koʻrgazma mehmonlari eʼtiboriga Oʻzbekistonning eksport va turizm imkoniyatlari haqida maʼlumot beruvchi xitoy tilidagi targʻibot materiallari tarqatilyapti hamda mamlakatimizning qadimiy shaharlari va madaniyatiga bagʻishlangan videoroliklar namoyish etilyapti.

    Mazkur tadbir Oʻzbekiston hunarmandchilik mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksportini kengaytirishga qaratilgan boʻlib, koʻrgazma davomida koʻplab xorijiy importyorlar va ishbilarmonlar oʻzbek tomoni bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, XXRning turli hududlarida mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati boʻyicha taqdimotlar oʻtkazish hamda eksportbop mahsulotlarning namoyish etilishi Oʻzbekiston tovarlarining Xitoy bozoriga kirib borishi va mahalliy isteʼmolchilar tomonidan qiziqishning ortib borishiga xizmat qilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.