Muloqot chog‘ida 2023 yil 24-26-yanvar kunlari Makka shahrida o‘tkaziladigan “Makkah Expo for Hotels & Restaurants” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Yusuf al-Zanbagi mazkur ko‘rgazmada mehmonxonalar menejmenti, xizmat ko‘rsatish va tegishli mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilishi, Malayziya, Indoneziya, BAA, O‘mon, Iordaniya, Misr va boshqa qator davlatlar milliy pavilyonlarda ushbu sohadagi salohiyatini namoyish etishini taʼkidladi.

Xalqaro ko‘rgazmada mehmonxona va restoranlar faoliyatida qo‘llaniladigan mahsulotlar ham taqdim etiladi. Saudiya Arabistoni, jumladan, Jidda, Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda bunday mahsulotlarga doimiy ravishda ehtiyoj mavjudligiga eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, mazkur anjuman O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun o‘z tovarlarining eksportini kengaytirish uchun qulay imkoniyat ekanligi urg‘ulandi.

 “Makkah Expo for Hotels & Restaurants” milliy taomlar ko‘rgazmasi, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi musobaqalar kabi tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi. Shu bois O‘zbekiston delegatsiyasining milliy taomlar bilan qatnashishi ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlarini o‘zbek pazandachilik sanʼati anʼanalari bilan yaqindan tanishtirishda ahamiyatli bo‘ladi.