Unda soha xodimlari, chet ellik mutaxassislar va tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan masofadan turib ishtirok etdi.
Anjuman avvalida Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashovchi yurtdoshimiz Munojat Eshonova uyida saqlab kelayotgan qadimiy, arab tilida yozilgan, 167 yillik tarixga ega “Kalomi Sharif” Qur’oni nusxasini O‘zbekiston Milliy arxivi kutubxonasi fondiga topshirishiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun aytish mumkin, Qur’onni Karimning mazkur nusxasi Muhsin Soliq o‘g‘lining sa’y-harakati bilan Qozon universiteti bosmaxonasida chop etilgan. 550 sahifadan iborat. Endilikda u qayta restavratsiya qilinadi.
Anjumanda mustaqillik yillarida arxiv sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar, erishilgan yutuqlar va asosiy natijalar, yuqori malakali arxivchilarni tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi. Arxiv boshqaruvi tizimining elektron arxivlarini yaratish va joriy etish holati va muammolari tahlil qilindi.
– Mustaqillikkacha bor-yo‘g‘i 50 ga yaqin davlat arxivi bo‘lgan, – dedi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov.
– O‘sha davrda arxiv binolariga umuman e’tibor berilmagan. Arxiv deyilsa, barchaning ko‘z o‘ngiga eski, xaroba joy kelgan. O‘sha vaqtlardagi arxivlarning moddiy-texnik bazasini gapirmasa ham bo‘ladi.
Istiqlolga erishgach arxivlarning binosi va moddiy-texnik bazasi tubdan rivojlantirildi. Bugungi kunda O‘zbekiston davlat arxivlari soni 200 ga yaqinlashdi. Ularda doimiy saqlanayotgan hujjatlar 8,5 milliondan oshgan. Bu hujjatlarning ichida eng tarixiy, qimmatlisi IX asrga oid hisoblanadi.
Anjuman arxivchilar va olimlarning tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, arxivlar, muzeylar va kutubxonalar ishlarini birlashtirish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi. Yetakchi mutaxassislar arxiv sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, o‘z ishlarining natijalari haqida gapirib berdi. Shuningdek, tarixchi olimlar arxiv materiallari asosida ma’ruzalar qildi.
Anjuman yakunida tizimda faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar joriy yilda ta’sis etilgan “Soha iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.









