Maqolada 10 sentyabr kuni Rossiya Katta teatrining tarixiy sahnasida O‘zbekiston Madaniyati va sanʼatini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Moskva shahri aholisi va mehmonlari uchun «Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi» baleti namoyish etilishi maʼlum qilingan.
Nashrda qayd etilishicha, taniqli nemis xoreografi va baletmeysteri Raul Raymondo Rebek tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektakl YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy xalq raqsi “Lazgi”ga bag‘ishlangan.
«Xalq donishmandligi timsoli bo‘lgan, ko‘plab sirlarga burkangan «Xorazm Lazgi»si 3 ming yildan ortiq tarixga ega, - deyiladi maqolada. – Maftunkor energiya, qizg‘in harakatlar, murakkab raqs naqshiga asoslangan o‘ziga xos uslub - bularning barchasi “Lazgi”ni ajoyib madaniy hodisaga aylantiradi. O‘zbekiston Milliy baletining spektakli birinchi marta 2021 yilda tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilgan va shu zahotiyoq katta shov-shuvga aylanib, sanʼat ixlosmandlarining yuqori baholariga sazovor bo‘ldi».
Maqolada taniqli nemis xoreografi va baletmeysteri Raymondo Rebekning anʼanaviy qadimiy raqsni mumtoz balet elementlari bilan uyg‘unlashtirgan mazkur ajoyib spektakli tomoshabinlarga Sharqning barcha hashamati va Buyuk ipak yo‘lining ulug‘vor sehrini taqdim etishi taʼkidlangan.
Ushbu spektakl namoyishi haqidagi xabarlar Rossiya jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, yaqinda «Rossiyskaya gazeta» ham Rossiyaning bosh sahnasida o‘zbekistonlik sanʼatkorlarning chiqishlari haqidagi axborot materialini o‘z mushtariylari o‘rtasida tarqatdi.