Dastlab qoʻngʻiroqni virtual operator — robot qabul qilib, oʻzbek va rus tillarida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ haqida qisqacha maʼlumotlar beradi.
Soʻng robot isteʼmolchilarga elektr taʼminoti, jumladan “aqlli hisoblagich”lar, mahallalardagi temir-beton tayanch va transformatorlar yuzasidan taklif, shikoyat yoki arizalar mavjud boʻlsa, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning isteʼmolchilar uchun maxsus tashkil etilgan Call markaz qisqa — 1154 raqamiga qoʻngʻiroq qilishni tavsiya etadi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, elektr taʼminotiga Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimidagi bir nechta tashkilotlar masʼul boʻlsada, isteʼmolchilar bilan bevosita shartnomalar tuzish hamda oʻzaro hisobdorlik yuritish, shuningdek, past kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish, simyogʻoch va transformatorlar oʻrnatish, shu bilan birga, koʻplab boshqa xizmat turlarini koʻrsatish “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning vakolatlariga kiradi.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati — mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va qisman qoʻshni respublikalardan import qilinayotgan elektr energiyasini past kuchlanishli tarmoqlarga yetkazib berish, energotizim barqarorligini saqlash bilan shugʻullanuvchi tashkilot hisoblanadi.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Call sentry raqami — +998 (55) 500-5545 yuqorida zikr etilgan masalalarni qisqa bayon qilgach, qoʻngʻiroq egasiga operator bilan bogʻlashni taklif etadi va robot avval Yagona raqam, soʻng Ishonch va Kanselyariya raqamlari bilan bogʻlaydi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Oʻzbekiston MET” AJ maʼlumotiga tayanib.









