Oʻzbekiston milliy mahsulotlari koʻrgazmasi Ozarbayjonliklarda qiziqish uygʻotdi

    Biznes 16 Avgust 2024 134

    Kecha Boku shahrida Oʻzbekiston -Ozarbayjon biznes-forumi va ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida V2V shaklidagi uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Tadbir mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi bilan birgalikda tashkil etildi. Unda Ozarbayjon Tadbirkorlar konfederatsiyasi (ASK), Boku shahridagi Oʻzbekiston savdo uyi, Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi raisi mutasaddilari, shuningdek, ikki davlatning 80 dan ortiq yetakchi biznes vakillari ishtirok etdi.

    Forum yalpi sessiyasida tekstil, kosmetika, qishloq xoʻjaligi, meditsina va farmatsevtika, xoʻjalik tovarlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida fikr almashildi.

    Oʻzbek va ozar tadbirkorlari oʻrtasida kechgan V2V shaklidagi uchrashuvlar natijasida milliy mahsulotlarni Ozarbayjonga eksport qilish boʻyicha bir qator kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, oʻzbek mahsulotlarini Boku shahrida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston savdo uyiga yetkazib berish hamda Ozarbayjon kompaniyalari vakillari delegatsiyasining mahalliy ishlab chiqarish obyektlari va shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida Oʻzbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Biznes-forum doirasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston milliy mahsulotlari koʻrgazmasi Ozarbayjon tomonida katta qiziqish uygʻotdi.