Oʻzbekiston milliy stendi Moskvada tashkil etildi

    Shu kunlarda Moskva shahrida boʻlib oʻtayotgan “Sayohat qil!” IV Rossiya turizm forumi doirasida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi milliy stend tashkil etildi.

    Unda tashrif buyuruvchilar mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, qadimiy Xiva, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari, turizm va transport infratuzilmasi, viza rejimi, “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi va “Chorvoq” erkin turistik zonasi, Konigil sayyohlik qishlogʻi, hamda gastro-, eko-, etno- va boshqa turizm turlari haqida keng maʼlumot olishlari mumkin.

    Oʻzbekiston stendiga Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi oʻrinbosari Dmitriy Chernishenko tashrif buyurdi. Oʻzbekiston va Rossiya tomonlari ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlik oqimini koʻpaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha Harakatlar rejasini amalga oshirishni davom ettirish masalasini koʻtardi.

    Tadbir tashkilotchilari va mehmonlar Oʻzbekiston stendini qiziqish bilan tomosha qildilar va oʻz fikr va taassurotlarida mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirdilar.

    12-15-iyun kunlari “Sayohat qil!” IV Rossiya turizm forumida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston delegatsiyasi Moskvada shahrida boʻlib turibdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi.

    Eslatib oʻtamiz, Rossiya Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasida “Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida 2025–2026-yillarga moʻljallangan turistlar oqimini oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi” imzolangan edi.