Oʻyin Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtadi. Uchrashuvni BAA vakili Muhammad Abdulla Hassan bosh hakam sifatida boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Muhammad Al Hammadi hamda Hasan Al Mahri yordamlashadi.
Mazkur bahsda futbolchilarimiz koʻk libosda, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qiladi.
Kecha Oʻzbekiston – Eron uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ustozi Srechko Katanes oʻyin haqidagi fikrlarini bildirdi.
- Futbol 0:0 hisobi bilan boshlanadi. Shu sabab, imkoniyatlarni teng deyish mumkin. Yigitlarga motivatsiya shart emas. Ular oldilarida qanday raqib turganini yaxshi anglab turishibdi. Turkmanistonga qarshi ozroq muammolar boʻldi, tan olaman. Biroq bu bizga jiddiy taʼsir koʻrsata olmaydi. Shuningdek, biz ajoyib muhitda va stadionda toʻp tepamiz. Oʻylaymanki, hammasi biz uchun ijobiy yakunlanadi, - dedi jamoamiz bosh murabbiyi.
Eslatib oʻtamiz, vakillarimiz “СAFA Nationʼs Cup“ finalida ham aynan Eron bilan oʻynab, yagona gol evaziga magʻlub boʻlgan edi.
Oʻzbekiston – Eron milliy terma jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv 21-noyabr – bugun 18:00 da boshlanadi.









