Bugun Tailandga qarshi boʻlib oʻtadigan bahsdagi har qanday natija bizni va raqibimizni qitʼa chempionatiga chiqishi uchun toʻsqinlik qila olmaydi.

Biroz avval Osiyo kubogi-2023 saralashi doirasidagi Falastin - Filippin uchrashuvi yakunlandi. Ushbu bahsda Falastin 4:0 hisobida gʻalaba qozonib, Osiyo kubogiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Filippin 4 ochko bilan guruhda ikkinchi oʻrinda bormoqda.

Ayni paytda 6 ta guruhda saralash oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda. Har bir guruhda birinchi oʻrin sohiblari va 5 ta guruhda ikkinchi oʻrinni olgan jamoalar Osiyo kubogiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Falastin oʻrin olgan guruhda ikkinchi oʻrin sohibi 4 ochko olishi aniq, shu bois qolgan guruhlarda 6 tadan ochkosi bor boʻlgan jamoalar qitʼa chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Ikkita oʻyinda ikkita gʻalabaga erishgan Oʻzbekiston va Tailand terma jamoalari ham Osiyo kubogi yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi Tailandga qarshi bahs shunchaki rasmiyatchilik ahamiyatiga ega.

Shuningdek, boshqa guruhdagi qoʻshnilarimiz – Qirgʻiziston va Tojikiston ham Osiyo kubogiga chiqdi. Eʼtiborlisi, Tojikiston oʻz tarixida ilk bor qitʼa chempionatida oʻynaydi.

Oʻzbekiston terma jamoasi esa Osiyo kuboklarida sakkizinchi bor ishtirok etadi.