Oʻzbekiston milliy terma jamoasi vakili Janubiy Koreya klubi bilan shartnoma imzoladi

    Sport 26 Iyun 2020 1277

    Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Toshkentning “Lokomotiv” klubi himoyachisi Oleg Zoteyev Janubiy Koreyaning “Chonnam Dragons” klubi bilan shartnoma imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    — Men Janubiy Koreyaga kelganimdan xursandman. Anchadan beri K-liga oʻyinlariga qiziqardim, videolarni koʻrardim. “Chonnam Dragons” tomonidan hamkorlik haqida taklif boʻlganda jamoa haqida koʻproq maʼlumotlarni qidirdim va bu klubga yordam bera olaman deb oʻyladim. Tezroq jamoaga moslashishga va uning gʻalabalariga hissa qoʻshishga harakat qilaman, — dedi Oleg Zoteyev.

    Maʼlumot uchun, 1990-yilda tugʻilgan Oleg Zoteyev faoliyati davomida “Paxtakor”, “Olmaliq”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublarida toʻp surgan. “Chonnam Dragons” klubi esa hozirgi kunda “Key-liga-2” turnir jadvalida 7 oʻyindan keyin 10 ochko jamgʻarib, 6-oʻrinda bormoqda.