Oʻzbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabbiyi Rustam Akramov vafot etdi

    Pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akramov bugun erta tongda, 73 yoshida olamdan oʻtdi.

    Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berishicha, Rustam Akramov 1948-yil 11-avgust kuni Toshkent viloyatida dunyoga kelgan. Faoliyati davomida oʻzbek futboli rivoji uchun ulkan hissa qoʻshgan mutaxassis hisoblanadi.

    Rustam Akramov Oʻzbekiston terma jamoasini boshqargan birinchi murabbiy. 1992-1994-yillar terma jamoamiz marhum mutaxassis boshchiligida Markaziy Osiyo chempionatida va 1994-yil Xirosimada oʻtgan yozgi Osiyo oʻyinlarida gʻalaba qozongan.

    Avvalroq, tajribali mutaxassisning sogʻligʻida muammolar yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.