Misr Arab davlatlari orasida birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston davlat mustaqilligini tan olgan davlat hisoblanadi. Oʻtgan davr mobaynida ikki mamlakat bir-birining manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilish tamoyillariga asoslangan samarali hamkorlikni yo’lga qo’ymoqda. Albatta bunga ikki mamlakat xalqlarining tarixiy va maʼnaviy yaqinligi hamda oʻzaro munosabatlarning 60 ga yaqin hujjatdan iborat bo’lgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazasi asos boʻla oladi.   

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Misr Аrab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining 2018-yil 4-5-sentyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralari ham tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, oʻzaro munosabatlarni sifat jihatidan ham yangi bosqichga koʻtardi. Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz parlamentlari, vazirlik va idoralari, ishbilarmon doira vakillari oʻrtasidagi hamkorliklar ham sezilarli darajada faollashdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Аrab Respublikasining parlamentlarida doʻstlik guruhlari faoliyat koʻrsatmoqda, tashqi ishlar vazirliklararo muntazam siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi yaratilgan hamda Oʻzbekiston-Misr qoʻshma komissiyasi va Oʻzbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda boʻlgani kabi Misrda ham keng koʻlamli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotganligini va ushbu jarayonlar barqaror va tinch taraqqiyotga, oʻz xalqlarining farovonligini yuksaltirishga intilayotgan mamlakatlarni birlashtiruvchi omil boʻlayotganligini ko’rishimiz mumkin. Shuni ta’kidlash lozimki koʻp qirrali Oʻzbekiston-Misr munosabatlarini rivojlantirishda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik alohida oʻrin tutadi.

Davlatimiz raharining joriy yil 20-21 fevral kunlari Misr Аrab Respublikasiga qilgan tashrifi davomida boʻlib oʻtgan muzokaralarda ikki davlat yetakchilari mamlakatlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar – “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekanligi, yangi ish oʻrinlarini yaratish va kambagʻallikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uygʻunligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirdilar. “Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat oʻrtasida, balki strategik jihatdan juda muhim boʻlgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik koʻprigini bunyod etishni maqsad qilganmiz”, - dedi mamlakatimiz rahbari. Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi koʻp qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini ham atroflicha koʻrib chiqdilar hamda birgalikda ikki mamlakat rahbarlari “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bogʻlovchi maqbul transport yoʻnalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi. Davlatimiz rahbari yana bir bor Misr kompaniyalari mamlakatimizda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirib, buyuk alloma bobomiz Ahmad Fargʻoniyning ibratli hayot yoʻli va ilmiy merosini chuqur oʻrganish hamda yoshlar o’rasida keng targʻib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining doʻstlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. 

Oʻzbekiston - Misr sammitining yakuniy natijalari ikki tomonlama munosabatlarni doʻst xalqlarimiz farovonligi yoʻlida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.  Misr Arab Respublikasida bo’lib o’tgan sammitda Oʻzbekiston-Misr: mustahkam hamkorlik koʻprigi bunyod etildi.

 

 Аdulaziz Xujakov

Хаlq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati,

Jizzax shahar “Shodlik” MFY hokim yordamchisi