Oʻzbekiston mobil operatorlari telefon firibgarligidan himoya joriy qildi

    Oʻzbekistondagi mobil operatorlar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda soxta raqamlardan qoʻngʻiroqlarni bloklaydigan, telefon firibgarligi va shaxsiy maʼlumotlarning sizib chiqishidan himoya qiladigan anti-spoofing texnologiyasi joriy etilganini maʼlum qildi.

    Bu haqda 17-oktyabr kuni Beeline, 21-oktyabrda esa Mobiuz xabar berdi. RTV barcha operatorlar texnologiyani joriy etayotganini maʼlum qildi. Bu funksiya avtomatik tarzda barcha abonentlarda ishlaydi va bepul boʻladi.

    “Antispufing” tizimi raqamning haqiqiyligini tekshiradi: agar xorijdan kelayotgan qoʻngʻiroq Oʻzbekistondagi haqiqiy foydalanuvchidan emas, balki mahalliy sifatida niqoblangan (+998 prefiksi bilan) raqamdan boʻlsa, tizim uni bloklaydi, deb xabar berdi Beeline.

    Oʻzbekiston mobil operatorlarining goʻyoki rouming raqamlaridan boʻlgan qoʻngʻiroqlar ham bloklanadi. Tizim SIM-karta yordamida qurilmaning haqiqiy joylashuvini tekshiradi va, agar abonent uy tarmogʻida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, qoʻngʻiroq avtomatik ravishda bloklanadi.

    Xabarda taʼkidlanishicha, yangilik RTV tashabbusi va koʻmagida amalga oshirilayotgan telefon firibgarligiga qarshi kurash boʻyicha keng koʻlamli dasturning bir qismi hisoblanadi.

    Mobiuzʼning xabar berishicha, anti-spoofing texnologiyasi sentyabr oyida joriy etilgan va bir oydan beri xalqaro firibgarlarning qoʻngʻiroqlari bloklanmoqda. Robotli qoʻngʻiroqlarni avtomatik blokirovka qilish tizimlari ham joriy qilingan.

    “Tizim avtomatik ravishda qoʻngʻiroqlarning haqiqiyligini tekshiradi va shubhali ulanishlarni abonentga yetib borgunga qadar bloklaydi”, — deyiladi kompaniya xabarida.