Oʻzbekiston MSK raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligida komissiya delegatsiyasi mazkur referendum jarayonlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Kuzatuv jarayoni Qozogʻiston Markaziy saylov komissiyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti missiyalari tarkibida amalga oshirildi.
Markaziy saylov komissiyasi vakillari ovoz berish kunida Qozogʻiston poytaxti va uning atrofidagi saylov uchastkalarida kuzatuv olib bordilar.
Umumxalq referendumida ikki turdagi uchastkalar oʻz faoliyatini yuritdi: fuqarolarning doimiy yashash manzillaridagi va vaqtinchalik turgan joylaridagi uchastkalar. Jami 10 327 ta saylov uchastkalaridan 9 709 tasi fuqarolarning doimiy yashash manzillarida, 618 tasi esa fuqarolarning vaqtinchalik turgan joylarida tashkil etilgan. Qozogʻistondan tashqari 59 ta mamlakatda 74 ta saylov uchastkasi oʻz faoliyatini amalga oshirdi. Referendum komissiyalarining jami aʼzolari soni 70 049 nafarni tashkil etdi.
Referendumda ishtirok etish uchun ovoz beruvchilar roʻyxatiga 12 244 683 nafar Qozogʻiston fuqarosi kiritildi.
Ovoz berish byulletenida davlat va rus tillarida “Siz Qozogʻistonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?” degan savol yozilgan boʻlib, ovoz beruvchilar “Ha, roziman” yoki “Yoʻq, rozi emasman” tanlovlariga ovoz berdilar.
Agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan koʻpi uni qoʻllab-quvvatlab ovoz bergan boʻlsa, referendumda koʻtarilgan masala boʻyicha qaror qabul qilingan hisoblanadi.
Soat 14:00 holatiga koʻra, referendumda ovoz berganlar soni 51,77 foizni tashkil etdi, yaʼni Qozogʻistonda atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha referendum boʻlib oʻtgan deb hisoblandi.
Referendum uchastkalariga tashrifi davomida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev referendumga tayyorgarlik va uni oʻtkazish jarayoni, ovoz berishni kuzatish natijalari haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashgan holda intervyu berdi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi aʼzolari ovoz berish jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga bagʻishlangan Markaziy referendum komissiyasining brifinglarida ham ishtirok etdilar.
Ovoz berish jarayoni soat 20:00 ga qadar davom etdi.
Markaziy saylov komissiyasi.