Oʻzbekiston mudofaa vaziri Belarus harbiy delegatsiyasini qabul qildi

    Harbiy 18 Noyabr 2021 1085

    Bugun, 18-noyabrda Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov Belarus mudofaa vaziri general-leytenant Viktor Xrenin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. Oʻzaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi.

    Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston va Belarus mudofaa vazirliklari oʻrtasida harbiy sohada hamkorlik boʻyicha 2022-yilga moʻljallangan qator tadbirlarni oʻz ichiga olgan bitim imzolandi.

    Shundan keyin mehmonlar poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida boʻlib, u yerdagi “Matonat madhiyasi” majmuasi poyiga gulchambar qoʻydi, bogʻ ichidan oʻrin olgan “Shon-sharaf” muzeyida yigʻilgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Sayohat davomida bugungi yorugʻ, tinch, osuda hayotimizni taʼminlash uchun bukilmas iroda va jasorat namunasini koʻrsatgan, Vatan uchun jonini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning matonati haqida soʻz yuritildi.

    Maʼlumot uchun, Belarus harbiy delegatsiyasi tashrif davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi, Mudofaa vazirligi “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtiga borishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ertaga mehmonlarning Buxoro viloyatiga safari kutilmoqda, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.