O‘zbekiston mudofaa vaziri Qozog‘iston mudofaa vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

    Bugun, 18-may kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston mudofaa vaziri general-polkovnik Ruslan Jaqsiliqov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri boʻlib oʻtdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

    Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-leytenant Bahodir Qurbonov qozog‘istonlik hamkasbini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, mustaqillik yillarida ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona harbiy munosabatlarning faqat ijobiy tomonga siljib borayotganini ta’kidladi.

    Shuningdek, O‘zbekiston mudofaa vaziri ikki tomonlama hamkorlikdagi erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalar ekan, o‘zaro yaqin do‘stona munosabatlar o‘zbek—qozoq aloqalarini yangi strategik sherikchilik bosqichiga ko‘tarib, ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlayotganini qayd etdi.

    Ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada erishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham hamkorlikni davom ettirishning istiqbolli takliflari bilan chiqdi.

    Uchrashuvdan so‘ng Qozog‘iston Respublikasi harbiy delegatsiyasi O‘zbekiston mudofaa vaziri hamrohligida “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi. U yerdagi “Shon-sharaf” muzeyi faoliyati bilan tanishdi.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

    kommunikatsiyalar departamenti