O'zbekiston mudofaa vaziri Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasini qabul qildi

    Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilarini O'zbekiston oliy harbiy ta'lim muassasalarida ta'lim olishini tashkillashtirish borasida qo'shimcha shartnoma imzolandi.

    O'zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Kurbanov Mudofaa vazirligida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo rahbarligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

    Unda general-leytenant Bahodir Kurbanov O'zbekiston va Tojikiston Respublikasi o'rtasida o'rnatilgan do'stona munosabatlarga alohida to'xtalib, kelgusida uning doirasi yanada kengaytirilishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, uchrashuv davomida hamkorlik masalalari nafaqat siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda, balki mudofaa va xavfsizlik sohalarida ham misli ko'rilmagan bosqichlarga ko'tarilgani ta'kidlanib, mudofaa sohasidagi o'zbek-tojik munosabatlarining holati, ularni kengaytirish choralari hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi.

    Muhokamalardan so'ng Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilarini O'zbekiston oliy harbiy ta'lim muassasalarida ta'lim olishini tashkillashtirish borasida qo'shimcha shartnoma imzolandi.

    Shundan so'ng mehmonlar O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Kurbanov hamrohligida O'zbekiston Respublikasi mudofaasini boshqarish milliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

    Tashrif davom etmoqda.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti