Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 215 nafar shaxslar afv etildi.
“Oʻzbekiston 24” telekanali xabariga koʻra, afv etilganlarning 3 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 127 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Boshqacha aytganda, 142 nafar mahkum jazo muassasasidan chiqib, oilasi bagʻriga qaytadi. Yana bir kishining jazosi ozodlikni cheklash jazosiga oʻzgartirilgan. Afv etilgan fuqarolardan 14 nafari – ayollar; 12 nafari – 60 yoshdan oshgan shaxslar; 69 nafari – xorij fuqarolari; 15 nafari – taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxslar.
Afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytib, ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishida ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bu – joriy yilda prezident tomonidan eʼlon qilingan uchinchi afv hisoblanadi. Bungacha Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 100 nafar, Navroʻz bayrami arafasida 140 mahkumni afv etgandi.