Besh yil mobaynida Oʻzbekiston Notarial palatasi oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirdi. Bugun Toshkent davlat yuridik universitetining majlislar zalida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston notariuslarining II Konferensiyasida 128 nafar delegat ishtirok etdi.
Anjumanda delegatlar orasidan Sanoq komissiyasi hamda kotib saylab olindi. Shundan soʻng Notarial palataning Boshqaruv aʼzosi Vohidjon Saatov tomonidan Oʻzbekiston Notarial palatasining I konferensiyasida oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish borasida hisobotni oʻqib eshittirdi. Hisobot bir ovozdan qabul qilindi.
Konferensiya kun tartibidagi ikkinchi masala boʻyicha Oʻzbekiston Notarial palatasini 5-yil davomida boshqarib kelayotgan Dilshod Ashurov soʻzga chiqdi va oʻz hisobotida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Xususan, tashkil topganiga atigi 1-yil toʻlganida Notarial palata Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻldi. Notarial palata raisi D.Ashurov 2023-yil fevral XNIning xalqaro notarial hamkorlik komissiya vakili etib, 2023-yil iyul oyida 2024-yil uchun Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari boʻyicha Kengash prezidenti etib, 2023-yil noyabr oyida XNI Bosh Kengashi aʼzosi etib saylandi.
Bugungi kunda Notarial palata oʻziga 1113 nafar notariusni jam qilgan boʻlib, deyarli 99, 3 foiz notarius Yuristlar malakasini oshirish markazida oʻz malakalarini oshirdi. Notariuslar kasbi va tizim nufuzini oshirish borasida ustuvor yoʻl xaritasi belgilab olingan. Stajyorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, stajyorlarning malaka imtihonidan oʻtishi tahlil qilindi. 2024-yilda 60 nafar stajyor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirdi. Shuningdek, huquqshunoslik fakulteti mavjud barcha oliygohlar bilan memorandum imzolangan. “Boʻlajak notariuslar” klubi muvaffaqiyatli ishlab turibdi. Ulardan 66 foizi notariat sohasida faoliyat olib borishni maqsad qilgan.
Shuningdek, konferensiyadadelegatlar tomonidan bir ovoz bilan 14 nafardan iborat boʻlgan Boshqaruv aʼzolari va Taftish komissiyasi raisi va aʼzolari saylandi. Shuningdek, Palata raisi lavozimiga shu kunga qadar notariat tizimini boshqarib kelgan Ashurov Dilshod Rustamovich rais etib saylandi.
Bundan 5-yil ilgari oʻtkazilgan Taʼsis konferensiyasida bir ovozdan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining Ustaviga muvofiq, kelgusi besh yilda Notarial palataning vazifalari belgilab olindi.