25–28-iyun kunlari doirasida xalqaro uchrashuvlar va konferensiyalar tashkil etildi, ular notariat sohasidagi koʻplab xalqaro mutaxassis va tashkilotlarni birlashtirdi.

Tadbirlar doirasida Xalqaro notariuslar ittifoqi (XNI) Osiyo ishlari komissiyasining 15-Yalpi yigʻilishi hamda sohaga oid qator dolzarb mavzularda uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ularda Oʻzbekistondan Notarial palata raisi Dilshod Ashurov boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etdi.

Tadbirlar xalqaro konferensiya bilan boshlandi. Unda “Notariat sohasida qonunchilikni takomillashtirish tendensiyalari” mavzusida maʼruzalar tinglandi. Jumladan, Dilshod Ashurov “Oʻzbekiston notariuslari tomonidan mediatsiyani amalga oshirish amaliyoti” mavzusida taqdimot qildi. Mediatsiya sohasida turli davlatlarning tajriba va yondashuvlari muhokama qilindi.

Keyingi kuni XNI Osiyo ishlari komissiyasining 15-Yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda komissiyaga aʼzo davlatlar vakillari 2024–2025-yillarda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobot berdi. Yigʻilish chogʻida boshqaruv tizimi va vakolat muddatlariga oʻzgartirishlar kiritildi hamda yangi rahbarlar nomzodlari belgilandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Masofaviy notarial harakatlarni huquqiy tartibga solish va amalda joriy etish” mavzusida taqdimot taqdim etildi. Unda raqamli notariat xizmatlarini joriy etish boʻyicha amaliy ishlar bayon qilindi.

Bunday xalqaro forumlarda ishtirok etish notariat sohasida hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va ilgʻor amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Tadbirlar yakunida Moʻgʻuliston Notarial palatasi raisiga esdalik sovgʻalar topshirildi.