Qatar yashil maydonlarida oʻtgan U-23 Osiyo kubogida munosib ishtirok etib, mamlakatimiz uchun jamoaviy sport turlarida tarixiy Olimpiada yoʻllanmasini taqdim qilgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Vatanimizga qaytib keldi. Yigitlarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiasyasi rahbariyati, sportchilarimizning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Dastavval, Prezident Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov futbolchilarimizni Olimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritilgan tarixiy litsenziya bilan qutlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Tabriknomaning asl nusxasi jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadzega topshirildi. Oʻz navbatida, soʻz olgan Timur Kapadze va jamoa sardori Jasur Jaloliddinov xalqimiz va davlatimiz rahbarining ishonchni oqlaganlaridan mamnun ekanliklari, endilikda bor eʼtiborlarini Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikka qaratishlarini bildirishdi.
Eslatib oʻtamiz, jamoamiz 15-aprel – 3-may kunlari oʻtkazilgan U23 Osiyo kubogida kumush medalga sazovor boʻlib, oʻz tarixida ilk bor Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.