Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi AQSH Kongressida qator uchrashuvlar oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 9 Fevral 2024 1456

    Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Р.Алимов boshchiligidagi Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi AQSHga tashrif buyurdi.

    Delegatsiyaning tashrifi AQSH Kongress kutubxonasi qoshidagi parlament diplomatiyasini rivojlantirishga ixtisoslashgan “Ochiq dunyo” yetakchilik markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Senatorlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari AQSH Kongressida amerikalik hamkasblari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi, shuningdek, Vayoming shtatiga tashrif buyurib, mahalliy hokimiyat organlari faoliyati bilan tanishdi.

    Muloqotlar davomida AQSH tomoniga Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini, davlat boshqaruvi shaffofligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, xususiy mulk va xorijiy investorlarni himoya qilish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Kongress aʼzolari Т.Келли, V. Gonsales va К.Миллер bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari hamda “Oʻzbekiston boʻyicha Kokus” doirasidagi oʻzaro hamkorlik, jumladan, parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama etildi.

    Suhbat chogʻida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, AQSH Kongressi Vakillar palatasining boshqa qoʻmitalari aʼzolarini Kokus faoliyatiga jalb etish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.

    Shu bilan birga tomonlar ixtisoslashgan qoʻmitalar va ikki mamlakat parlamentlari palatalari devonlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish orqali hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.