O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Armaniston Respublikasi Milliy majlisi Raisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 28 Oktabr 2022 1136

    Joriy yil 27-oktyabrda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) maydonida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaevaning Armaniston Respublikasi Milliy majlisi Raisi A.R.Simonyan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohada, shu jumladan, ikki tomonlama savdo hajmlarini boyitish va nomenklaturasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, mashinasozlik kabi sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsion aloqalarni yo‘lga qo‘yishda foydalanilmagan katta salohiyat borligini ta'kidlandi.

    T.Narbaeva ikki tomonlama asosda ham, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida ham parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish zarurligini alohida ta’kidladi. Jumladan, davlatlar parlamentlarida ikki tomonlama hamkorlik guruhlari tashkil etilgan va bu guruhlar O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda faolroq ishtirok etishi maqsadga muvofiqdir.

    Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda ham hamkorlikni izchil rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash uchun institutsional asos bo‘lib xizmat qiladigan parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi doiraviy bitimni ishlab chiqish va imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.