Joriy yilning oktyabr oyi oxirida O'zbekiston delegatsiyasi Turkiyaga safar qildi. Maqsad Turkiyaning o'rmonchilik sohasidagi tajribasi bilan tanishish va o'rmonlarning bioxilma-xilligini saqlash hamda ularni qayta tiklash bo'yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan edi.

O'zbekiston Respublikasining o'rmon fondi yerlari 12 million gektardan ziyod maydonni egallaydi, o'rmonlarning ko'p qismi baland tog'lar yon bag'irlarida va vodiy hududlarida joylashgan. Mamlakatda daraxtzorlarning qariyb 70 turi, butalarning 320 turi va yarim butali o'simliklarning 130 dan ortiq turi mavjud bo'lib, 320 dan ortiq noyob va yo'qolib borayotgan o'simlik turlari O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Tashrif BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti — FAOning O'zbekistondagi ikkita — “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” va “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi ko'magida tashkil etildi.

Anqarada delegatsiya a'zolari FAOning Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu bilan uchrashdilar. Xususan, tomonlar o'rmon xo'jaligi va bioxilma-xillikni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek, Global ekologik Jamg'arma resurslarini jalb qilgan holda Orol dengizi landshaftlarini tiklash bo'yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish va keyinchalik amalga oshirish zarurligi to'g'risida kelishib oldilar.

So'ngra O'zbekiston delegatsiyasi III O'zbekiston—Turkiya o'rmon xo'jaligi qo'shma konferensiyasida ishtirok etdi. Uchrashuv yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 2 million dollarlik qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Turkiya Qishloq va o'rmon xo'jaligi vazirligi tomonidan O'zbekistonning degradatsiya va eroziyaga uchragan o'rmonlarida tog' terrasalarini yaratishni qo'llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 300 ming dollar bo'lgan 2 ta mini-ekskavator berildi.

O'zbekiston delegatsiyasi Turkiyaga tashrifi davomida elazig hududida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida tog' o'rmonlarini yaratishning o'ziga xos jihatlari bilan ham tanishdi.

O'rganilgan tajriba va yangi texnologiya hamda ko'nikmalarni keyinchalik qo'llash O'zbekiston hududlarida o'rmonlarni qayta tiklash, o'rmonzorlarni ko'paytirish, turizmni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo'ladi.