Oʻzbekiston orqali tamaki tranziti uchun talablar belgilandi

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib oʻtishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Nizomga koʻra, tamaki mahsulotlarini tranzit olib oʻtishda vakolatli shaxs tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi dastlabki elektron maʼlumotlarni taqdim etishda belgilangan maʼlumotlar bilan birga quyidagilar koʻrsatilgan holda murojaat qiladi:

    • tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati va uning elektron nusxasi;
    • yetkazib berish shartnomasining (bitimining) elektron nusxasi;
    • tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yoʻli bilan tashilgan taqdirda, ularni olib oʻtish jadvalining elektron nusxasi;
    • tovarlar tranziti boʻyicha bojxona toʻlovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
    • tovarlarning qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan markalanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.

    Bunda dastlabki maʼlumotlar faqat transport vositalarining inspeksion koʻrik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali taqdim etiladi.

    Tranzit uchun bojxona toʻlovlari summasi milliy valyutada yoki AQSH dollarida bojxona organining depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Depozit hisobvaragʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti hamda chegara oʻtkazish punktlariga joylashtiriladi.

    Tovarlar bojxona nazoratidan yechilgandan soʻng 5 ish kuni ichida toʻlangan bojxona toʻlovlari toʻlovchiga qaytariladi. Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 31.10.2024-yildan kuchga kirdi.